Jaloliddin Rumiyning ilmiy va adabiy merosi gʼoyat katta. Gʼazal, masnaviy va ruboiylarni oʼz ichiga oladigan “Devoni kabir” (“Ulugʼ devon”), falsafiy-soʼfiyona mushohadalar, ruhiyat dialektikasini kashf etib, inson aqlini lol qoldiradigan teranlik bilan yozilgan “Masnaviy-maʼnaviy”, “Maktubot”, “Fihi mo fixiy” (“Ichindagi ichindadir”) nomli asarlarini butun dunyo sevib oʼqiydi. Rumiy oʼz asarlarida odamni tadqiq etadi, uning tabiati va intilishlarini kuzatadi, botiniy jilolar va surilishlar, qalb siljishlarini qidirib topadi. Rumiy asarlaridagi joziba shu qadar inson koʼngliga yaqinki, uning har bir soʼzi – bir mayoq, umr yoʼllarini yoritguvchi chiroq, qalbga qoʼyiladigan ziyo kabidir. Jaloliddin Rumiyning buyukligi yana shundaki, u islomning ulugʼ shoiri va mutafakkiri boʼlgani holda barcha mazhablar va dinlardan yuqori koʼtarila oldi, bani basharni birlashtiruvchi yagona ilohiy gʼoyalarni olgʼa surib, kishilarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi eʼtiqod va iymon, ishq va sigʼinish, poklik va tavbadan soʼz ochdi. “Choʼllar muxtalif, ammo maqsad bir, yaʼni Olloh huzuri”, deya Ulugʼ Tangri haqiqati Olloh jami maxluhot barobarligini isbotladi. Oʼquvchilar eʼtiboriga havola etilayotgan mazkur kitob Rumiy dunyosining yangi manzillarini ochadi, kitobxonni Rumiy bilan qayta yuzlashtiradi. Oʼz navbatida kitobxon ham asar vositasida mehrga, muhabbatga, chin insoniy tuygʼularga chanqoq qalbini qondiradi.